Tushda tish | Тушда тиш

Без рубрики

TISH (DANDON) Doniyol (a.s.) aytadilar: Tushdagi tishlar ahli xonadonga dalolat qiladi. Tepadagi tishlar erkaklarga, pastdagilar esa ayollarga dalil. Tepadagi tishlarning old tomonidagilari farzandlar, aka-ukalar, opa-singillar yoki ota-onaga, ularning yonidagilari esa amaki va amakivachchalarga dalolat qiladi. Tishlarning oq va tozaligi ahli oilaning izzat va quvvatiga belgidir. Oldingi tishlaridan birining qimirlayotganini ko‘rsa, yuqorida aytilganlardan biri bemor bo‘ladi.
Ibn Sirin (r.a.) aytadi: Tushida oldingi tishi kaftiga tushganini yo yoniga yoki yerga tushganini ko‘rsa va tuproqqa belanmasa, o‘zida aka-uka, yoki opa-singilda farzand tug‘iladi. Tishi tuproqqa tushib, yo‘qolib qolganini ko‘rsa, aytilganlardan biri o‘ladi. Tishi sinsa yoki chirib maydalansa aytilganlardan biriga ofat yetadi. Oldingi tishlardan birining ziyoda bo‘lganini ko‘rsa, aytganlarimizdan birining xurramlik va rohat topishiga dalil bo‘ladi. Hamma tishlari birdaniga to‘kilsa, ahli xonadonining halok bo‘lishiga dalildir. Tishlari qo‘l kaftiga yoki yon atrofiga tushsa, ahli xonadoni ko‘payishiga dalolat qiladi. Tishlarining kumushdan yo shishadan yoki sopoldan ekanini ko‘rsa, halok bo‘lishiga dalildir. Ta’birchilarning aytishlaricha, tishning tushishi qarzdan qutulishiga dalil bo‘ladi.
Kirmoniy (r.a.) aytadi: Tepa tishlar erkaklarga, pastki tishlar ayollarga dalolat qiladi. Tishlari to‘kilsa va ularni qo‘liga yig‘ib olsa, qarindosh-urug‘larini to‘playdi va o‘zidan judo bo‘lishlariga yo‘l qo‘ymaydi. Tishidan xushbo‘y hid kelayotganini ko‘rsa, yaqinlari uni maqtaydi. Aksini ko‘rsa, uni g‘iybat qilishadi. Tishi og‘riganini ko‘rsa, g‘amu anduhga dalildir.
Tishlari sariq bo‘lsa, o‘zi mansub kishining bemor bo‘lishiga dalildir. Tishlari qora bo‘lsa, unga qayg‘u g‘am yetadi.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.) aytadi: Tishi og‘riyotganini ko‘rsa va tishini qo‘li bilan sug‘urib, ikki qo‘li bilan tutsa, ko‘p mol topadi.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki tushda tish ko‘rish olti narsani bildiradi; ahli oilani; molu davlatni; manfaatni; g‘amu anduhni; ayriliqni; zararni.