Tushda qon oldirmoq, qon bermoq, qon olmoq | Тушда кон олдирмок, кон бермок, кон олмок

Без рубрики

QON OLDIRMOQ (RAG KUSHODAN) ~ Ibn Sirin (r.a.) aytadiki, tushda qon oldirganini ko‘rsa, do‘stidan bir so‘z eshitishi yoki moli taroj bo‘lishiga dalildir. Tushida tomir ochtirganini va undan qon kelganini ko‘rsa, sultondan unga zahmat yetishini bildiradi. Qon oz chiqqanini ko‘rsa, zahmat oz bo‘lishiga dalildir.
Kirmoniy (r.a.)ning aytishicha, tushida qandaydir olim kishi uning tomirini ochganini, qon ko‘p kelganini va qonni bir joyga qo‘yganini ko‘rsa, bemor bo‘lishi va molini bemorlik yo‘lida xarj qilishini bildiradi.
Ismoil Apgas (r.a.) aytadiki, tushida o‘ng qo‘lidan qon oldirganini ko‘rsa, molining ziyoda bo‘lishini bildiradi. Chap qo‘lidan qon oldirganini tush ko‘rsa, molining va do‘stlarining ko‘payishini bildiradi. Agar tanish kishi undan qon olganini ko‘rsa, xotini homilador bo‘lmasa, homilador bo‘lishiga, bordiyu homilador bo‘lsa, qiz tug‘ilishiga dalil bo‘ladi.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.)ning aytishicha, tushida tomir ochtirganini va qon ko‘p chiqqanini ko‘rsa, unga haq so‘z aytishlariga dalildir.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushda qon oldirish to‘rt narsani bildiradi; ishning erishishini; safarni; husumatni; molda sheriklik qilishini.
Tushida tomir ochtirganini, biroq qon chiqmaganini ko‘rsa, xusumatga dalildir. Agar qon chiqqanini va badanida qon qolmaganini tush ko‘rsa, bu ham xusumatga dalildir. Tushida jarohati tufayli qonga bulg‘anganini ko‘rsa, unga biror zahmat yetishini bildiradi.
Ta’birchilarning fikrlaricha, tushda qon oldirish, agar qon oldiruvchi yaxshi kishi bo‘lsa, shodlik va xurramlikka yetishishni bildiradi, yomon odam bo‘lsa, yomonlik va yaramaslikni bildiradi.

QON OLMOQ (HIJOMAT KARDAN) Ibn Sirin (r.a.)ning aytishicha, tushida bir notanish qon oluvchi bir notanish joyda undan qon olayotganini ko‘rsa, bo‘yniga bir omonatni olishiga dalildir. Agar qon oluvchi o‘zining do‘sti ekanini ko‘rsa, omonatni unga topshirish, dushman sharridan omon bo‘lishi, g‘amdan shodlikka chiqishiga dalildir. Agar yosh odam bu tushni ko‘rsa, shu ta’birni bildiradi, bordi-yu qari bo‘lsa, e’tibor topishiga dalildir.
Kirmoniy (r.a.) aytadiki, agar qari odamdan qon olganini ko‘rsa, ishlari yaxshi bo‘lishiga dalildir. Agar podshoxdan qon olganini ko‘rsa, podshohning yaqinlaridan bo‘lishiga dalildir.
Agar qon olsa-yu, biroq qon chiqmasa, xotini undan baxtsiz judo bo‘ladi yoki unga taloq beradi yoxud o‘lishiga dalildir.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.) aytadiki, keksa qon oluvchi tush ko‘ruvchining baxti bo‘ladi, yosh qon oluvchi dushmanni bildiradi. Agar tush ko‘ruvchi ilm sohibi bo‘lsa muftiy yoki podshohning dabiri bo‘lishiga dalildir. Agar tush ko‘ruvchi o‘qimagan odam bo‘lsa qarzga g‘arq bo‘lishiga dalildir.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushda qon olmoq yetti narsaga dalildir: omonatga; shartlashmoqqa; martaba topmoqqa; izzat va ulug‘likka; amalga; Payg‘ambar alayhissalom sunnatiga; agar amaldor bo‘lsa, amaldan tushishiga.
Ba’zi ta’birchilarning aytishicha, qon oluvchi yosh bo‘lsa xarjlarni hisoblovchi, narsalarni o‘lchovchi kishiga dalil bo‘lib, odamlarning ishlari u orqali yurishadi.