Tushda iblis, shayton | Тушда иблис, шайтон

Без рубрики

IBLIS (ShAYTON) Doniyol (a.s.) aytadilarki, tushda iblisni ko‘rmok, dini buzuq, yolg‘onchi, aldoqchi, hayosiz, yaxshilikdan umid uzgan, odamlarni yomonlik yo‘liga, buzg‘unchilik, fasod yo‘llarga boshlovchi dushmanga dalolat qiladi. Iblis bilan jangu jadal qilayotganini va unga g‘azabini sochayotganini ko‘rsa, uning yaxshilik va poklik yo‘liga moyil bo‘lishiga dalildir.
Iblisning o‘zi ustidan g‘alaba qilayotganini ko‘rsa, uning yomonlik va buzg‘unchilikka moyil bo‘lishiga dalolat qiladi. Iblis o‘zi bilan gaplashayotganini ko‘rsa, uning to‘g‘ri yo‘ldan toydirishiga va itoatdan yuz o‘girishiga dalil bo‘ladi. Iblis o‘ziga nasihat qilayotganini va bu nasihat unga yoqayotganini ko‘rsa, uning moliga va taniga zarar yetishiga dalil bo‘ladi. Iblis qo‘lidan tutib, noma’lum bir joyga olib ketsa va u: Lo havla vala quvata illa billahil aliyyil azim, — deyayotganini ko‘rsa, ulug‘ bir gunohga mubtalo bo‘lishiga va qandaydir bir kishining nasihati sababli bu gunoxdan qaytishiga dalil bo‘ladi.
Agar Iblisning bo‘yniga zanjir solayotganini ko‘rsa, din va to‘g‘rilik ahliga shodlik yetishiga dalolat qiladi. Iblisning zaif va nochor holda ko‘rsa, ulamo va pok odamlarga kuch-quvvat yetishiga dalildir.
Kirmoniy (r.a.) aytadiki, kishi Iblisga mute bo‘lganini ko‘rsa, havoyi nafsiga mubtalo bo‘lishiga dalildir. Agar Iblis unga biror narsa berganini ko‘rsa, bergan narsasi yaxshi bo‘lsa, xarom mol topishiga dalildir. Agar bergan narsasi yomon bo‘lsa, dinining buzulishiga dalolat qiladi. Agar Iblisni shodu hurram ko‘rsa, odamlarning ishi buzuqlikda mustahkam bo‘lishiga dalildir. Iblisga qilich urib, uni halok qilmoqchi bo‘lganini va Iblisning qochib ketganini ko‘rsa, ulug‘likni qo‘lga kiritishga, adolat va insof bilan ish yuritishiga dalolat qiladi.
Agar Iblisni o‘ldirsa, o‘z nafsiga qahr qiladi. Yaxshilik yo‘liga kiradi.