Tushda oltin, oltin tanga, dinor | Тушда олтин, олтин танга, динор

Без рубрики

OLTIN (ZAR) Muhammad ibn Sirinning aytishicha, oltin erkak kishi uchun tushda qayg‘u va g‘am bo‘ladi. Ayollar uchun yaxshi va yoqimli bo‘ladi. Agar tilla topib olganini yoki birov berganini ko‘rsa, moli yo‘q bo‘lishi, tovon to‘lashi yoki kimdir unga g‘azabini sochishiga dalildir.
Kirmoniyning aytishicha, har kim tushida oltin eritayotganini ko‘rsa, odamlarning tiliga tushishiga dalildir. Agar oltinlarni qopga solib, uyiga olib ketayotganini ko‘rsa, ko‘p mol topishiga dalildir. Agar oltinlarni yeyayotganini ko‘rsa, yegani mikdorida oilasiga mol xarj qilishiga dalildir.
Jobirning aytishicha, oltindan qilingan narsalar erkak uchun yomon, ayollar uchun yaxshi bo‘ladi. Agar oltin va kumushning bir yerda jam bo‘lib turganini ko‘rsa, izzat va ulug‘likka dalil bo‘ladi. Agar kumush konini ko‘rsa, ulug‘vor qizni xotinlikka olishiga dalildir, biroq g‘amgin bo‘ladi. Agar zargar bilan o‘tirib, u bilan muomala qilayotganini ko‘rsa, bir yolg‘onchi odam bilan muomala qilishiga dalil bo‘ladi.

OLTIN TANGA (DINOR) Doniyol (a.s.) aytadilarki, qo‘lida soni to‘rt dinordan ortiq bo‘lgan oltin tangalarni tush ko‘rsa, unga yoqimsiz bir holat yuz berishi yoki diliga og‘ir botadigan bir so‘z eshitishiga dalildir.
Ibn Sirin (r.a.) aytadiki, tushdagi besh dona diram (kumush) tanga yoqimli va soz ish qilishga dalildir. Tushida bir dinor yoki ming dinori borligini ko‘rsa, mol hosil bo‘ladigan ilm o‘rganishiga dalildir, biroq dinor soni juft bo‘lsa, yaxshiroq bo‘ladi. Tushida birovga dinor berganini yoki yo‘qotib qo‘yganini ko‘rsa, farzandi sababli musibat yetishini bildiradi. Tushida ko‘pgina dinorlari borligini ko‘rsa, ranj yetishini bildiradi.
Ta’birchilarning aytishlaricha, tushdagi dinorlar topshirilishi kerak bo‘lgan omonatlarni bildiradi. Alloh ta’olo aytadi: . . . Lekin, shundayi (ham) borki, unga bir dinor (pul)ni omonat bersang, to ustida qattiq turib olmaguninggacha, senga qaytarib bermaydi. . . (Oli Imron surasi, 75-oyat).
Tushida o‘z qo‘lida besh dinor borligini ko‘rsa, farz qilingan besh vaqt namozni ado qilishini bildiradi. Tushida dinorlari ko‘p ekanini va ularni mahkam joyga joylaganini ko‘rsa, musulmonlar omonatini saqlashiga dalildir. Tushida dinor ulashayotganini ko‘rsa, el orasida amri ma’ruf qilishini va omonatni topshirishini bildiradi.
Jobir Mag‘ribiy (r.a.) aytadiki, tushida bir dinor topganini ko‘rsa, topshirilgan biror omonat to‘g‘risida unga kafillik xati yoki shari’at bo‘yicha xujjat yozilishiga dalildir. Ko‘pincha, tushida dinor topsa, o‘ngida ham .dinor topadilar.
Ismoil Ash’as (r.a.) aytadiki, tushdagi dinor din va to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, bordi-yu unga suvrat naqshlanmagan bo‘lsa. Tushida dinori borligini, uning bir yuzida Xudoyi ta’oloning nomi, ikkinchi yuzida suvrat borligini ko‘rsa, bordi-yu tush sohibi musulmon bo‘lsa, murtadga aylanishini, kofir bo‘lsa, musulmon bo‘lishini bildiradi.
Ja’far Sodiq (r.a.) aytadiki, tushdagi dinor besh vaqt namozni bildiradi. Agar u juft bo‘lsa, pok din va foydali ilmga dalildir, agar toq bo‘lsa, ta’biri aksinchadir.
Hofiz Muabbir (r.a.) aytadiki, tushdagi dinor xotin, farzand va kanizak bo‘ladi. Ko‘p dinor qiyinchilik va xusumat bilan qo‘lga kiritiladigan molga dalildir